Olmon Edu · olmon.uz

Maxfiylik siyosati

Olmon Edu ilovasi, olmon.uz sayti va akademiyaning boshqa veb-xizmatlari qaysi ma’lumotlardan, nima uchun va qanday foydalanishi haqida.

Bosh sahifaga
Mundarija

Biz kimmiz

Olmon Akademie — Toshkentdagi nemis tili o‘quv markazi. Biz nemis tilini o‘rgatamiz, ÖSD imtihon markazi sifatida imtihon o‘tkazamiz va Germaniyada o‘qish hamda ishlash bo‘yicha maslahat beramiz. «Biz» va «akademiya» deganda Olmon Akademie tushuniladi.

Manzilimiz: Toshkent, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasi, 30.

Ushbu siyosat quyidagilarga taalluqli:

  • iPhone, iPad va Android uchun Olmon Edu ilovasi.
  • CRM sayti — olmonedu.uz: akademiyaning boshqaruv tizimi, undan xodimlarimiz foydalanadi. Unda xodimlar kiritadigan yoki ko‘radigan talaba ma’lumotlari (ism, telefon raqami, guruhlar, davomat, baholar, to‘lovlar va balans); ilovadan, olmon.uz formasidan, telefon orqali, Instagram’dan yoki akademiyaga kelib qoldirilgan arizalar; xodimlar hisoblari va o‘zgarishlar jurnali saqlanadi. Akademiya ixtiyoriy telefoniya xizmatidan foydalansa, qo‘ng‘iroqlar qaydi ham saqlanadi.
  • Talabalar veb-portali — talaba.olmonedu.uz. Talaba hisobingiz u yerda ham ishlaydi; onlayn guruh talabalari u yerda jonli darslarga qatnashadi, dars yozuvlarini ko‘radi va guruh chatida yozadi.
  • Speaking mashg‘ulotlariga yozilish sayti — spkng.olmonedu.uz. Oflayn talabalarimiz u yerda telefon raqamini kiritib, mashg‘ulotga yoziladi; sayt ularning ismini ko‘rsatadi va yozilishni saqlaydi.
  • olmon.uz sayti va undagi ariza formasi.

Ilova faqat akademiyaning o‘z serverlari bilan bog‘lanadi. Istisnolar: jonli darslar (Cloudflare video xizmati), to‘g‘ridan-to‘g‘ri fayl omborimizdan ochiladigan dars yozuvlari, Telegram orqali kirish, yangilanish uchun App Store yoki Google Play havolasi va Android ilovasida push bildirishnomalar (Google Firebase Cloud Messaging). Agar akademiya Payme orqali to‘lash imkonini bergan bo‘lsa, ilova Payme to‘lov sahifasini qurilmangiz brauzerida ham ochadi. Talabalar portali ham jonli darslarda Cloudflare video xizmatiga ulanadi va dars yozuvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri fayl omborimizdan ochadi.

Qaysi ma’lumotlarni yig‘amiz

Olmon Edu ilovasida (talabalar va mehmonlar):

  • Hisob: telefon raqamingiz (u — kirish uchun login), ismingiz va familiyangiz, jinsingiz. Parolingiz faqat qaytarib bo‘lmaydigan xesh ko‘rinishida saqlanadi.
  • Ro‘yxatdan o‘tish va parolni tiklash uchun SMS kodlar: faqat xesh ko‘rinishida, telefon raqami va kodni so‘ragan IP manzil bilan saqlanadi va bir kundan keyin o‘chiriladi.
  • O‘qish: tanlagan nemis tili darajangiz, kursga arizalar, uy vazifasi javoblari va qoralamalari, test natijalari, o‘qituvchi baholari, speaking mashg‘ulotiga yozilishlar hamda akademiya kiritadigan davomat, baholar, to‘lovlar va balans.
  • Uy vazifasiga biriktirgan fayllaringiz: faqat o‘zingiz tanlagan rasm yoki hujjatlar. Ilova qolgan rasmlaringizni ko‘ra olmaydi.
  • Guruh chati (onlayn guruhlar): yozgan xabarlaringiz.
  • Jonli darslar: ovozingiz — faqat o‘qituvchi gapirishga ruxsat bergandan keyin — va darsga qo‘shilgan hamda chiqqan vaqtingiz. Talabalarning kamerasi hech qachon yoqilmaydi.
  • Bildirishnomalar: push token va ilova tili.
  • Ilovadan foydalanish: ilovani iPhone yoki iPad’da yoki Android’da ishlatayotganingiz va uni taxminan qachon birinchi va oxirgi marta ochganingiz — serverimiz buni ilova tizimga kirganda qayd etadi, akademiya bundan faqat ilovadan nechta talaba foydalanishini sanash uchun foydalanadi va hisobingizni o‘chirsangiz u ham o‘chiriladi.
  • Telegram: botimizni ulasangiz — Telegram chat ID’ingiz.
  • Payme orqali to‘lov (akademiya ilovada bu imkonni bergan bo‘lsa): kartangizni (Uzcard yoki HUMO) qurilmangiz brauzerida Payme’ning o‘z sahifasida kiritasiz, karta ma’lumotlari bizga hech qachon kelmaydi. Payme’ga akademiyaning merchant ID’si, tasodifiy buyurtma raqami, summa, sahifa tili, qaytish manzili va tranzaksiya holatini yuboramiz — ismingiz yoki telefon raqamingizni hech qachon yubormaymiz. Akademiya Payme orqali fiskal chek bersa, umumiy nomli chek qatori, narx va soliq kodlarini ham yuboramiz. Payme bizga tranzaksiya raqami, summa, tranzaksiya vaqtlari va holatini, bekor qilinsa sababini hamda Payme bersa — fiskal chek ma’lumotlarini yuboradi. Biz buyurtmani (talaba, guruh, filial, to‘lanayotgan davr, summa, ilova platformasi, holat va vaqtlar), Payme tranzaksiyasi ma’lumotlarini, Payme orqali to‘langani belgilangan to‘lov yozuvini hamda summa va tranzaksiya raqami yozilgan o‘zgarishlar jurnali qaydini saqlaymiz. Moliya xodimlari bularni CRM’da ko‘radi.
  • Diagnostika: jonli dars video xizmati (Cloudflare RealtimeKit) o‘z diagnostikasi va analitikasi uchun nosozlik ma’lumotlarini va aloqa sifati statistikasini yig‘adi. iPhone va iPad’da u qurilma identifikatorini ham, Android’da esa qurilma modeli, Android versiyasi va batareya darajasi yozilgan diagnostika jurnallarini ham yig‘adi.

Talabalar portalida onlayn guruh talabalariga yuqoridagi guruh chati, jonli darslar va diagnostika bandlari ham taalluqli. Brauzerda video xizmat yana brauzer va operatsion tizim turi hamda versiyasini, protsessor yadrolari soni, operativ xotira hajmi va brauzer baholagan aloqa sifatini, qurilmadagi mikrofon, kamera va karnaylar ro‘yxatini (saytga mikrofon yoki kameraga ruxsat bergan bo‘lsangiz — nomlari bilan), shuningdek qisqartirilgan IP manzilni va undan aniqlanadigan taxminiy joylashuvni yig‘adi.

Faqat qurilmangizda saqlanadi: sozlamalaringiz (til, mavzu, matn o‘lchami). Kirish tokenlari qurilmada saqlanadi: iPhone va iPad’da — iOS Keychain’da, Android’da — Android Keystore’dagi kalit bilan shifrlangan holda. Serverimiz esa har bir kirish seansini qayd etadi.

Biz joylashuvingiz, kontaktlaringiz va reklama identifikatoringizni yig‘maymiz; bundan talabalar portalini brauzerda ishlatganingizda yig‘iladigan, yuqorida aytilgan taxminiy joylashuv mustasno. Ilovada reklama va kuzatuv yo‘q.

Android ilovasidagi ruxsatlar. Ilova har birini faqat kerak bo‘lganda so‘raydi, ularni istalgan vaqtda Android sozlamalarida o‘zgartirishingiz mumkin:

  • Mikrofon — jonli darsda gapirish uchun. Talabaning mikrofoni faqat o‘qituvchi gapirishga ruxsat bergandan keyin ishlaydi.
  • Kamera — faqat o‘qituvchilar uchun, jonli darsni ko‘rsatishga. Talabalarning kamerasi hech qachon yoqilmaydi.
  • Bildirishnomalar (Android 13 va yangiroq) — ilovaga kirganingizdan keyin yangi uy vazifasi, dars boshlangani va e’lonlar kabi xabarlar uchun so‘raladi, o‘qituvchi jonli darsni boshlaganda esa bildirishnoma uning kamerasi va mikrofoni efirda ekanini ko‘rsatib turishi uchun ham so‘raladi.
  • Yaqin-atrofdagi qurilmalar (Android 12 va yangiroq) — jonli dars oldidan faqat Bluetooth quloqchin ulangan bo‘lsa so‘raladi, dars ovozi u orqali eshitilishi uchun.

Android ilovasi rasmlaringiz yoki fayllaringizga ruxsat so‘ramaydi: uy vazifasi faylini Android oynasida o‘zingiz tanlaysiz va ilova faqat o‘sha faylni oladi.

olmon.uz saytida:

  • Ariza formasi: ismingiz, familiyangiz, telefon raqamingiz va sahifa tili, shuningdek ushbu siyosatga rozilik berganingiz va uning vaqti. Ular faqat arizangiz bo‘yicha sizga qo‘ng‘iroq qilish uchun ishlatiladi. Forma akademiya CRM tizimida ariza yaratadi va uni xodimlarimiz ko‘radi.
  • Suiiste’molning oldini olish uchun server yuborilgan arizalarni qisqa vaqt IP manzil bo‘yicha sanaydi.
  • Sayt o‘z cookie fayllarini qo‘ymaydi, analitika va kuzatuv yo‘q.
  • Faqat brauzeringizda: formani yubormaguningizcha yozganlaringiz shu varaqda saqlanadi (boshqa sahifaga o‘tsangiz ham yo‘qolmaydi). Yuborgandan so‘ng brauzer raqamning o‘zini emas, uning xeshini saqlaydi — bir raqam ikki marta yuborilmasligi uchun. Ikkalasi ham qurilmangizdan chiqmaydi.
  • Xarita faqat «Xaritani ko‘rsatish» tugmasini bosganingizda yuklanadi. Shunda Yandex IP manzilingizni oladi va o‘z cookie fayllarini qo‘yishi mumkin.
  • Har qanday veb-server kabi serverimiz har bir so‘rovni qayd etadi: IP manzil, brauzer turi, sahifa manzili va vaqt. Bu barcha saytlarimizga taalluqli.

Xodimlar hisoblarini (o‘qituvchilar va ma’muriyat) akademiya yaratadi va boshqaradi. Ularda ism, telefon raqami, jins, tug‘ilgan sana, surat, vazifa va filiallar saqlanadi. Jonli darslarda o‘qituvchining kamerasi, ekrani va ovozi uzatiladi va yozib olinadi — Olmon Edu ilovasida ham, o‘qituvchilar uchun Windows ilovasi Olmon Studio’da ham. Android ilovasida ilova fonga o‘tganda ham o‘qituvchining kamerasi va mikrofoni efirda qoladi, bu haqda bildirishnoma ko‘rinadi.

Ma’lumotlardan qanday foydalanamiz

  • Darslar va ilovani ishlatish uchun: jonli darslar, yozuvlar, uy vazifalari, testlar, kutubxona, chat va profilingiz.
  • Akademiya hujjatlarini yuritish uchun: guruhlar, davomat, baholar va to‘lovlar.
  • Payme orqali to‘lovni (bu imkon berilgan bo‘lsa) qabul qilish uchun: buyurtmani tekshirish, to‘lovni akademiya hisobiga yozish va Payme yozuvlari bilan solishtirish.
  • Arizangiz yoki o‘qishingiz bo‘yicha siz bilan bog‘lanish uchun.
  • Siz kutadigan bildirishnomalarni yuborish uchun: dars boshlandi, o‘qituvchi e’lonlari, uy vazifasi, to‘lovlar va jadval o‘zgarishlari.
  • Hisoblar xavfsizligi uchun: kirish, SMS kodlar va takroriy urinishlarga cheklovlar.

Biz ma’lumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun ishlatmaymiz.

Jonli darslar va yozuvlar

Onlayn darslar Olmon Edu ilovasida va talabalar portalida (talaba.olmonedu.uz) Cloudflare RealtimeKit orqali jonli o‘tadi.

  • Darslar yozib olinadi: o‘qituvchining kamerasi yoki ekrani va sahnadagi ovoz, gapirgan talabalar ovozi ham.
  • Talabaning mikrofoni faqat o‘qituvchi uni sahnaga chiqargandan keyin ishlaydi. Ilova va portal darslar yozib olinishini oldindan aytadi va dars davomida yozuv belgisini ko‘rsatadi.
  • Android ilovasida boshqa ilovaga o‘tsangiz, portalda esa dars varag‘i ko‘rinmay qolsa (masalan, boshqa varaqqa o‘tsangiz), dars ovozi eshitilishda davom etadi; ko‘targan qo‘lingiz tushiriladi, gapirayotgan bo‘lsangiz — mikrofoningiz o‘chiriladi.
  • Guruhdoshlaringiz va video xizmat ismingizni va familiyangizning bosh harfini ko‘radi (masalan, «Ali V.»), telefon raqamingizni hech qachon ko‘rmaydi.
  • Yozuvlarni shu guruh talabalari, guruh o‘qituvchisi va akademiya ma’muriyati ko‘ra oladi.
  • Akademiya ma’muriyati, jumladan sifat nazoratchilari, onlayn darslarni ishtirokchilar ro‘yxatida ko‘rinmasdan kuzatishi mumkin.
  • Yozuvlar guruh faol bo‘lgan davrda saqlanadi. Guruh arxivlangach, akademiya ularni o‘chirishi mumkin. Cloudflare vaqtinchalik nusxani yetti kungacha saqlaydi.

Ma’lumotlarni kim qayta ishlaydi

Quyidagi xizmatlar ma’lumotlarni biz uchun qayta ishlaydi:

XizmatNimani oladiQachon
RailwayServerlar va ma’lumotlar bazasi: akademiya yozuvlari va server jurnallariDoim (xosting)
Railway Buckets (Tigris)Fayllar: uy vazifasi javoblari va materiallari, profil suratlari, bildirishnoma rasmlari va dars yozuvlariDoim (fayl ombori)
Cloudflare RealtimeKitDars ovozi va videosi, ko‘rinadigan ism (talabalarda — ism va familiyaning bosh harfi), vaqtinchalik yozuvlar, ilova va brauzer diagnostikasiJonli darslar paytida
Apple Push Notification servicePush token va bildirishnoma matniBildirishnoma iPhone yoki iPad ilovasiga yuborilganda
Google Firebase Cloud MessagingPush token va bildirishnoma matniBildirishnoma Android ilovasiga yuborilganda
Payme2-bo‘limda sanalgan buyurtma ma’lumotlari (buyurtma raqami, summa; ism va telefonsiz). To‘g‘ridan-to‘g‘ri brauzeringizdan: IP manzilingiz, karta ma’lumotlari (Uzcard, HUMO) va Payme sahifasida kiritgan boshqa hamma narsaFaqat Payme orqali to‘lasangiz va akademiya bu imkonni bergan bo‘lsa
Eskiz.uzTelefon raqamingiz va SMS kod matniRo‘yxatdan o‘tish va parolni tiklash
TelegramChat ID, to‘lov kvitansiyalari (summasi bilan), eslatmalar va kirish tasdiqlariFaqat botimizni ulasangiz
SentryFoydalanuvchi ID va vazifasi ko‘rsatilgan texnik xato hisobotlari (so‘rov mazmuni olib tashlangan)Faqat serverda yoqilgan bo‘lsa; iOS va Android ilovalarida ishlatilmaydi
OnlinePBXQo‘ng‘iroqlar qaydi: telefon raqamlari, davomiyligi, qo‘ng‘iroq yozuviga havola va bog‘langan ariza yoki talabaFaqat akademiya CRM’da shu telefoniya xizmatidan foydalansa
Google FontsIP manzil (shrift so‘rovi)olmonedu.uz, talabalar portali yoki speaking saytini ochganingizda; olmon.uz sayti shriftlarni o‘zida saqlaydi
Yandex XaritalarIP manzil; Yandex’ning o‘z cookie fayllariFaqat saytda «Xaritani ko‘rsatish»ni bosganingizdan keyin

Xosting provayderimizning serverlari O‘zbekistondan tashqarida joylashgan. Saytdagi Instagram, Telegram va YouTube havolalari oddiy havolalar: bosmaguningizcha ularga hech narsa yuborilmaydi.

Saqlash muddati

Ma’lumotQancha saqlanadi
Talaba yozuvi (ism, telefon, guruhlar, davomat, baholar)Akademiya hujjatlarida saqlanadi, o‘qishni tugatganingizdan keyin ham
To‘lovlar va hisob-kitobQonun talab qilganidek, akademiya buxgalteriyasi uchun saqlanadi
Payme buyurtmalari va tranzaksiyalariTo‘lovlar bilan birga akademiya hujjatlarida saqlanadi, hisobingizni o‘chirganingizdan keyin ham. Payme tranzaksiyasi bor talaba yozuvi to‘liq o‘chirilmaydi; tranzaksiyasiz buyurtma talaba yozuvi bilan birga o‘chiriladi
Arizalar (sayt va ilova)Xodimlar o‘chirmaguncha akademiya CRM tizimida saqlanadi
SMS kodlarBir kundan keyin o‘chiriladi
Urinishlar hisoblagichi (IP manzil; kirishda telefon raqami ham)Cheklov muddati tugagach, taxminan bir soatda o‘chiriladi
Dars yozuvlariGuruh faol bo‘lgan davrda; guruh arxivlangach akademiya ularni o‘chirishi mumkin
Guruh chatiGuruhda saqlanadi. O‘chirilgan xabar hammadan yashiriladi, lekin matni serverda dalil sifatida qoladi
Push tokenlarHisobdan chiqquningizcha, parolni tiklaguningizcha yoki hisobni o‘chirguningizcha
Ilovadan foydalanish (qaysi ilova, birinchi va oxirgi ochilishi)Hisobni o‘chirguningizcha
Server so‘rovlari jurnaliXosting provayderimiz belgilagan muddat

Akademiya yozuvlardagi o‘zgarishlar jurnalini (audit jurnali) ham yuritadi. U o‘chirilmaydi va unda ismlar hamda telefon raqamlari, jumladan o‘chirilgan yozuvlarniki ham bo‘lishi mumkin.

Hisobni o‘chirish

Hisobingizni ilovada o‘chirishingiz mumkin — iPhone, iPad va Android’da bir xil: Profil → Sozlamalar → Hisob → Hisobni o‘chirish. Joriy parolingiz bilan tasdiqlaysiz. O‘chirish darhol amalga oshadi va ilovada uni qaytarib bo‘lmaydi. Agar faqat Telegram orqali kirsangiz va parolingiz bo‘lmasa, avval Sozlamalar → «Parolni o‘zgartirish» bo‘limida parol o‘rnating.

Nima o‘chadi:

  • Kirish ma’lumotlaringiz
  • Push bildirishnomalar
  • Barcha seanslar: ilova va talabalar portalidan chiqarilasiz
  • Telegram orqali kirish
  • Ilovadan foydalanish (qaysi ilovani ishlatganingiz, uni birinchi va oxirgi marta qachon ochganingiz)

Akademiyada nima qoladi:

  • To‘lovlar va hisob-kitob — qonun talab qilganidek, akademiya buxgalteriyasi uchun
  • O‘qish tarixi — guruhlar, davomat va baholar
  • Akademiyaning talabalar yozuvidagi ismingiz va telefon raqamingiz
  • Guruh chatidagi xabarlar — guruhda ismingiz bilan qoladi
  • Telegram bot ulanishi — to‘lov kvitansiyalari va eslatmalar kelishda davom etadi
  • Ilovadan mehmon sifatida foydalangan bo‘lsangiz — akademiya CRM tizimidagi butun yozuvingiz, jumladan jinsingiz, tanlagan darajangiz va kursga arizangiz

Shu telefon raqami bilan qayta ro‘yxatdan o‘tsangiz, hisob o‘sha talaba yozuviga qayta ulanadi. Xodimlar hisoblarini akademiya o‘chiradi. Boshqa har qanday so‘rov — ma’lumotlaringiz nusxasi, tuzatish yoki to‘liq o‘chirish — uchun biz bilan bog‘laning (12-bo‘lim). To‘liq o‘chirishni xodimlarimiz bajaradi, o‘zgarishlar jurnalida esa bu haqda qayd qoladi.

Sizning huquqlaringiz

  • Ma’lumotlaringizni ilovada ko‘rish: profil, davomat, baholar, to‘lovlar va uy vazifasi natijalari.
  • Parolni o‘zgartirish yoki SMS orqali tiklash.
  • Hisobni o‘chirish (7-bo‘lim).
  • Bildirishnomalarni iOS sozlamalarida o‘chirish; iOS so‘raganda kamera, mikrofon va rasmlarga ruxsat berish yoki bermaslik.
  • Android’da bildirishnomalarni o‘chirish hamda mikrofon, kamera va yaqin-atrofdagi qurilmalarga ruxsat berish yoki bermaslik — Android sozlamalarida yoki Android so‘raganda.
  • Brauzerda mikrofonga ruxsat berish yoki bermaslik — brauzer so‘raganda yoki uning sozlamalarida.
  • Payme orqali to‘lovlarni boshqa to‘lovlaringiz bilan birga ilovada ko‘rish. Bunday to‘lov bo‘yicha savol yoki muammo bo‘lsa, akademiyaga murojaat qiling (12-bo‘lim).
  • Ma’lumotlaringiz nusxasini, ularni tuzatish yoki o‘chirishni so‘rash hamda saytdagi formada bergan roziligingizni qaytarib olish — telefon yoki e‑pochta orqali (12-bo‘lim).

Bolalar

Ilova yoshingizni so‘ramaydi. Ota-ona yoki vasiy bo‘lsangiz va farzandingiz ma’lumotlari, jumladan yozib olingan jonli darslardagi ovozi haqida savolingiz bo‘lsa, biz bilan bog‘laning (12-bo‘lim).

Xavfsizlik

  • Parollar va SMS kodlar faqat qaytarib bo‘lmaydigan xesh ko‘rinishida saqlanadi.
  • Serverlarimiz bilan barcha ulanishlar shifrlangan (HTTPS).
  • Ilovada kirish tokenlari iOS Keychain’da, Android’da esa Android Keystore kaliti bilan shifrlangan holda saqlanadi.
  • Kirish va kod urinishlari cheklangan.
  • Payme orqali to‘lovda karta ma’lumotlari faqat Payme sahifasida kiritiladi va serverlarimizga hech qachon kelmaydi.
  • Yozuvlar faqat qisqa muddatli havolalar orqali ochiladi.
  • Xodimlarning kirish huquqi vazifasi va filiali bilan cheklangan.

Hech bir tizim mutlaqo xavfsiz emas, ammo biz ma’lumotlaringizni himoya qilish uchun ishlaymiz.

O‘zgarishlar

Siyosat o‘zgarsa, yangi nusxasini shu sahifada e’lon qilamiz va yuqoridagi sanani yangilaymiz.

Biz bilan bog‘lanish

Ma’lumotlaringiz haqida savol yoki so‘rovingiz bormi? Bizga qo‘ng‘iroq qiling yoki e‑pochta orqali yozing:

Olmon Akademie Toshkent, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasi, 30

YordamRo‘yxatdan o‘tish, parolni tiklash va hisobni o‘chirish — qadamma-qadam

Foydalanish shartlariIlova va saytlarimizdan foydalanish qoidalari